Sirdaryo tuman axborot-kutubxona markazi tomonidan aholi, ayniqsa yosh avlod o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, kitobga mehr va mutolaa an’analarini keng targ‘ib etish maqsadida «Farzandlarimizga kitob sovg‘a qilaylik!» shiori ostida kitob yarmarkasi hamda xayriya tadbirlari tashkil etildi.
Tadbir davomida badiiy, ilmiy-ommabop va bolalar adabiyotlaridan iborat kitoblar namoyish etilib, kitobsevarlar uchun qulay sharoit yaratildi. Yarmarka doirasida kitobxonlar o‘zlari uchun qiziqarli adabiyotlarni tanlash imkoniga ega bo‘ldilar.
Xayriya aksiyasi davomida esa bolajonlarga kitoblar sovg‘a qilinib, ularni mutolaa qilishga, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga va bilim olishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Tadbir ishtirokchilari kitob-inson ma’naviyatini boyituvchi, tafakkurini yuksaltiruvchi bebaho boylik ekanligini yana bir bor e’tirof etdilar.
Mazkur tadbir kitobxonlikni ommalashtirish, ezgulik va saxovat g‘oyalarini targ‘ib etish, yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash yo‘lida muhim tashabbus bo‘ldi.
Kitob-eng qadrli sovg‘a! Farzandlarimizga kitob ulashaylik, ularning qalbiga ilm va ma’rifat nurini baxsh etaylik

