Kutubxona-bu shunchaki kitoblar saqlanadigan joy emas. U inson tafakkuri charxlanadigan, yangi g‘oyalar tug‘iladigan, orzu va maqsadlar sari yo‘l ochiladigan ma’rifat maskanidir. Kitob esa insonning eng yaqin do‘sti, bilim va ma’naviyat manbai hisoblanadi.
Har kuni atigi 15–20 sahifa kitob o‘qishni odat qilish orqali bir yil davomida o‘rtacha 20–25 ta kitob mutolaa qilish mumkin. Bu esa insonning dunyoqarashini kengaytirib, bilimini oshirish, nutqini boyitish va fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu maqsadda joriy yilning 5-oktyabr kuni Sirdaryo tuman axborot-kutubxona markazining o‘quv zalida Faol kitobxonlar klubi a’zolari ishtirokida “Mutolaaning foydali tomonlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir davomida kitobxonlikning inson hayotidagi o‘rni, muntazam mutolaaning tafakkur va dunyoqarashga ijobiy ta’siri, kitob o‘qish orqali bilim va ma’naviy salohiyatni oshirishning ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilar o‘zlari mutolaa qilgan kitoblari, ulardan olgan taassurotlari hamda kitobxonlik borasidagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Suhbat davomida yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, telefon va ijtimoiy tarmoqlarga sarflanadigan vaqtning bir qismini kitob mutolaasiga ajratish, kitob o‘qishni kundalik hayotning ajralmas odatiga aylantirishga chaqirildi.
Zero, kitob o‘qigan insonning fikri teran, dunyoqarashi keng va kelajakka ishonchi mustahkam bo‘ladi. Kitobxon millat esa hamisha taraqqiyot sari dadil qadam tashlaydi.


