Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining 2026-yil 15-maydagi 53-son buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 20-may kuni Sirdaryo tuman Axborot-kutubxona markazi o‘quv zalida taniqli shoira Halima Xudoyberdiyeva hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Halima Xudoyberdiyeva dastlabki she’riy to‘plamlaridanoq o‘z ijodida ayol va ona obrazlarining sehrli hamda betakror qirralarini yuksak mahorat bilan ochib berishga intildi. Shoira ayolni nafaqat jamiyatning faol va to‘laqonli a’zosi, balki shu jamiyatning ko‘rki, bezagi va ma’naviy tayanchi sifatida ulug‘ladi. Uning tasviridagi ayol-har qanday xalq va mamlakat kelajagini bunyod etuvchi, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazuvchi mo‘jizaviy kuch timsolidir.
Shoira ayniqsa o‘zbek ayollarining o‘y-xayollari, orzu-intilishlari hamda nozik ichki kechinmalarini yorqin va ta’sirchan tasvirlash orqali zamondoshlari qalbida ayollarga nisbatan hurmat va muhabbat tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qildi. Halima Xudoyberdiyevaning sermazmun va samimiy she’rlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan bo‘lib, xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan.
Tadbir davomida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo tuman bo‘linmasi rahbari Rustam To‘ychiyev ham ishtirok etib, shoira ijodining o‘zbek adabiyotidagi o‘rni, uning boy ma’naviy merosi hamda yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.




