Joriy yilning 8-iyun kuni Sirdaryo tumani Ichki ishlar bo‘limida amaliyot o‘tayotgan Sirdaryo akademik litseyi o‘quvchilarining kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish, shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan kitobxonlikni keng targ‘ib etish bo‘yicha topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Sirdaryo tumani IIB boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Xasan Mamaraimovich Xazratov hamda Sirdaryo tuman axborot-kutubxona markazi mutaxassisi Zilola Safarova ishtirok etib, IIB xodimlari va amaliyotchi o‘quvchilar uchun kitob taqdimotini o‘tkazdilar.
Taqdimot davomida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti sovrindori Muhammad Alining buyuk sarkarda Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Temurbek” tarixiy qissasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Asarda Sohibqiron Amir Temurning bolalik va o‘smirlik yillari badiiy hamda tarixiy manbalar asosida yoritilgan.
Mazmunan boy va qiziqarli ushbu kitob zamonaviy talablarga mos ravishda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan suratlar va videoroliklar bilan boyitilgan bo‘lib, kitobxonlarda katta qiziqish uyg‘otadi.
Tadbir ishtirokchilari kitobning mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishib, buyuk ajdodlarimiz hayoti va merosini chuqurroq o‘rganish, tariximizni yaxshi bilish hamda milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalanish borasida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarimizning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, tarixiy xotirani mustahkamlash va buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lib voyaga yetishlariga xizmat qiladi.



