Joriy yilning 11-iyun kuni Sirdaryo tumaniga qarashli Sirdaryo Pedagogika texnikumi xodimlari hamda Sirdaryo tuman axborot-kutubxona markazi mutaxassislari hamkorligida texnikum xodimlarining ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini yanada boyitish maqsadida kitob taqdimoti tashkil etildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti sovrindori Muhammad Alining buyuk sarkarda Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan «Temurbek» tarixiy qissasi kitobxonlarga tanishtirildi. Ushbu asar muallifning Sohibqiron Amir Temur hayoti va davri haqidagi izlanishlarining mantiqiy davomi bo‘lib, unda buyuk bobomizning bolalik va o‘smirlik yillari badiiy va tarixiy asosda yoritilgan.
Mazmunan boy va qiziqarli bo‘lgan ushbu kitob zamon talablariga mos ravishda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan suratlar hamda videoroliklar bilan boyitilgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Taqdimot ishtirokchilari kitob mazmuni bilan yaqindan tanishib, Amir Temurning yoshlik davri, uning shakllanish bosqichlari va buyuk shaxs sifatida kamol topish yo‘li haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Mazkur asar yosh kitobxonlarni xalqimizning boy tarixini chuqur o‘rganishga, buyuk ajdodlarimiz merosini qadrlashga hamda ular haqida yanada kengroq bilim va tasavvurga ega bo‘lishga undaydi.