2026-yil 29-iyun kuni Sirdaryo viloyatida «Yoshlar-2026» festivali doirasida kitobsevarlar uchun unutilmas madaniy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Festival kitobxon yoshlar hamda keng jamoatchilikni bir maydonga jamlab, kitobxonlik madaniyatini targ’ib etishga xizmat qildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o’zlarini qiziqtirgan badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan tanishish, yangi kitoblarni xarid qilish hamda mutaxassislar bilan fikr almashish imkoniyatiga ega bo’ldilar.
Festivalda Sirdaryo tumani hokimi Azizbek Turdimurodov ishtirok etib, iste’dodli yoshlarning ijod namunalari bilan tanishdi hamda ularning bilim va ijodga bo’lgan intilishlarini yuqori baholadi.
Shuningdek, Sirdaryo tuman Axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan kitobxonlikni keng targ’ib etish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish hamda yoshlarni kitobga oshno etish maqsadida kitoblar ko’rgazmasi va targ’ibot ishlari tashkil etildi.
Mazkur festival kitobxonlikni ommalashtirish, yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda kitobga bo’lgan qiziqishini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.




