Sirdaryo tuman axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli 525-SChR batalyonida O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbirda batalyon harbiy xizmatchilari hamda kutubxona mutaxassislari ishtirok etib, adibning hayoti va boy ijodiy merosi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. O‘tkir Hoshimov o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, uning asarlarida insoniylik, vatanparvarlik, mehr-oqibat va milliy qadriyatlar yuksak badiiy mahorat bilan aks ettirilgan.
Tadbir davomida yozuvchining “Dunyoning ishlari”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar”, “Bahor qaytmaydi” kabi mashhur asarlari haqida suhbatlar o‘tkazilib, ularning mazmun-mohiyati, bugungi kun yoshlarini tarbiyalashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Adibning asarlari orqali inson qalbini anglash, hayotning murakkab jihatlarini teran his qilish mumkinligi qayd etildi.
Shuningdek, tadbir doirasida kitob ko‘rgazmasi tashkil etilib, harbiy xizmatchilar yozuvchi ijodi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Ishtirokchilar tomonidan asarlardan parchalar o‘qildi, fikr-mulohazalar bildirildi hamda kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi-yoshlar, xususan, harbiy xizmatchilar qalbida kitobga muhabbat uyg‘otish, ularni ma’naviy barkamollikka chorlash hamda milliy adabiyotimizning nodir namunalari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi, ularni Vatanga sadoqat, insoniylik va fidoyilik ruhida tarbiyalashda alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.



